Samarqand viloyati Ishtixon tumani
Maktabgacha ta'lim bo‘limi
w w w . p a s t d a r g o m m t b . u z

AHOLINI RO‘YXATGA OLISH - MAMLAKAT AHOLISI HAQIDA BATAFSIL MA'LUMOT OLISHNING ENG SAMARALI USULI

           Jahon tajribasida mamlakat aholisining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, kasbi, bandligi, daromad manbai va boshqa jihatlar bo‘yicha batafsil ma'lumot to‘plashning eng samarali usuli aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish hisoblanadi. Shu bois, 2023 yilda mamlakatimizda ilk bor o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbirlariga hozirdan jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

rga har o‘n yilda kamida bir marta aholini ro‘yxatga olish amaliyotini o‘tkazishni tavsiya etadi. Xo‘sh, bu bizga nima beradi? Birinchi navbatda, respublika aholisi va uning turmush sharoiti to‘g‘risidagi ishonchli ma'lumotlar aynan aholini ro‘yxatga olish orqali shakllantiriladi. Masalan, Farg‘onada necha kishi ishsiz? Andijonda nechta oila uy-joyga muhtoj? Sirdaryoda yana nechta ta'lim muassasasi qurish lozim? Qashqadaryoda aholi xonadonlari asosan qaysi yillarda qurilgan? Toshkent shahrida aslida qancha kishi istiqomat qiladi va hokazo. Aholini ro‘yxatga olish amaliyoti shu kabi ko‘plab savollarga javob, muammolarga yechim topish imkonini yaratadi.

Sinov hududlari tanlab olingan

           Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha Prezident farmoni bilan tasdiqlangan, tarkibi bir qator vazirlik va idoralardan iborat Respublika komissiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi hududiy komissiyalar ish olib boradi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, jarayonga 150 mingdan ortiq xodimlar jalb qilinishi rejalashtirilgan. 

           Aholini ro‘yxatga olish ishlari uchta bosqichdan iborat bo‘lib, belgilangan amaliyotga kirishilgunga qadar 2020—2023 yillarni o‘z ichiga oluvchi tayyorgarlik jarayonlari olib boriladi. Qaror bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida 2021 yilda sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish Dasturiga ko‘ra, 2021 yilning 1—25 noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanlarida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish ishlari amalga oshiriladi. Bunda aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish jarayonlari, ro‘yxatga olish usullari, dasturi, savolnomalari, uslubiy qo‘llanma hamda me'yoriy-huquqiy hujjatlari amaliy sinovdan o‘tkaziladi. Natijalar asosida aniqlanadigan xato va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.

Qachon, qanday shaklda o‘tkaziladi?

Tayyorgarlik bosqichi aniq va sifatli yakuniga yetkazilgach, 2023 yilning noyabr oyida aholini ro‘yxatga olish ishlari boshlanadi. Qaror bilan belgilangan Shaxsga doir ma'lumotlarni yig‘ish tartibiga ko‘ra, ro‘yxatga olish ishlari ikki xil usulda — qog‘oz shakli hamda internet tarmog‘i orqali amalga oshiriladi.

Birinchi usulda ro‘yxatga oluvchi xodimlar uyma-uy yurib, so‘rov o‘tkazadi va savollardan iborat varaqani respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldiradi. Bunda ro‘yxatga olish ishlari besh xil shakldagi so‘rovnomalar — turar joyning xususiyatlari va unda yashovchilar ro‘yxati, shaxsga oid savolnoma, O‘zbekiston Respublikasiga vaqtincha kelgan chet el fuqarolari uchun savolnoma, aholining ayrim toifalariga nisbatan shaxsga doir ma'lumotlarni yig‘ish bo‘yicha savolnoma hamda vaqtincha turgan joyi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun nazorat varaqasi berish asosida o‘tkaziladi.

Ikkinchi usulda respondentlarga qulaylik yaratish maqsadida internet jahon axborot tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi. Bunda so‘rovnomalar aholining o‘zi tomonidan maxsus dastur orqali to‘ldirilib, belgilangan elektron manzilga jo‘natiladi.

— Aholini ro‘yxatga olishning birlamchi ma'lumotlari hududiy statistika boshqarmalari huzurida tashkil etiladigan markazlarda maxsus dasturiy ta'minot asosida 2024 yil 1 yanvardan 31 dekabrga qadar operatorlar tomonidan elektron bazaga kiritiladi, — dedi Qobil Berdiqulov. — Ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan tayyorlangan yig‘ma ro‘yxatlar natijalari asosida shahar va qishloqlar, shu jumladan, erkaklar va ayollar bo‘yicha aholi soni to‘g‘risidagi dastlabki ma'lumotlar esa 2024 yil 1 martga qadar tayyorlanadi. Aholini ro‘yxatga olishning elektron ma'lumotlar bazasi 2025 yil 1 dekabrgacha tahlil etiladi va yakuniy ma'lumotlar respublika hamda hududlar bo‘yicha shakllantirilib, rasman e'lon qilinadi.

Mazkur vazifalarning bari tizimli tarzda amalga oshirilgani holda, ro‘yxatga olish orqali respublika aholisi va uning farovonligi to‘g‘risida ishonchli ma'lumotlar to‘planadi. Ular aholi soni, tarkibi va taqsimlanishi bo‘yicha to‘liq bazani shakllantirish bilan birga, Milliy rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish, ularda foydalaniladigan demografik o‘zgarishlar tendensiyalari, mehnat resurslari joylashuvi hamda ilmiy tadqiqotlar olib borishda qo‘l keladi.

A.Kushvakov,

Ishtixon tuman statistika bo‘limi boshlig‘i.

 


Kiritilgan vaqti: 30/07/2021 07:52;   Ko‘rilganligi: 97
 
Material manzili: http://ishtixonmtb.uz/oz/news/aholini-royxatga-olish-mamlakat-aholisi-haqida-batafsil-malumot-olishning-eng-samarali-usuli
Chop etilgan vaqti: 22/09/2021 19:56