Samarqand viloyati Ishtixon tumani
Maktabgacha ta'lim bo‘limi
w w w . p a s t d a r g o m m t b . u z

Aholini ro‘yxatga olish nima uchun kerak ?

Mamlakat aholisining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, kasbi, bandligi, daromad manbai va boshqa jihatlar bo‘yicha batafsil ma'lumot to‘plashning eng samarali usuli aholini ro‘yxatga olishni sifatli tashkil etishga bevosita bog‘liq. Bu jahon tajribasida sinalgan usul. Shu bois O‘zbekistonda ham 2023 yil mustaqillik yillaridagi ilk aholini ro‘yxatdan o‘tkazish tadbiri tashkil etiladi. Bu tadbirga hozirdan jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Xo‘sh, aholini ro‘yxatga olish bizga nima beradi?

Shu o‘rinda aytish lozimki, birinchi navbatda, respublika aholisi va uning turmush sharoiti to‘g‘risidagi ishonchli ma'lumotlar aynan aholini ro‘yxatga olish orqali shakllantiriladi. Masalan, Surxondaryoda necha kishi ishsiz? Qancha oila uy-joyga muhtoj? Yana nechta ta'lim muassasasi qurish lozim? Aholi xonadonlari asosan qaysi yillarda qurilgan? Aslida qancha kishi shaharda, qanchasi qishloqlarda yashaydi va hokazo. Aholini ro‘yxatga olish amaliyoti shu kabi ko‘plab savollarga javob, muammolarga echim topish imkonini yaratishi bilan ham ahamiyatlidir.

Ma'lumki, ko‘pchilik aholini ro‘yxatga olish amaliyotini statistik ma'lumotlar to‘plash tadbirlarining bir ko‘rinishi, deb biladi. Ammo bu shunchaki statistika emas, balki mamlakat aholisining ma'lum bir vaqtdagi asl holatini ko‘rish imkoniyatini beradigan yirik miqyosdagi tadbir hisoblanadi. Davlat darajasidagi keng ko‘lamli, ko‘p vaqt va mablag‘ talab etadigan ushbu tadbirni o‘tkazish uchun xalqaro talablarga muvofiq 2-3 yil tayyorgarlik ko‘rish talab etiladi. Bu amaliyot mustaqillik yillarida respublikamizda birinchi marta o‘tkazilayotganini inobatga olib, uni tashkil etishga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 2020 yil 11 noyabrda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, mamlakatimizda aholini ro‘yxatga olish 2023 yil 1-25 noyabr kunlari amalga oshiriladi.

Aholini ro‘yxatga olish uch bosqichdan iborat bo‘lib, belgilangan amaliyotga kirishilgunga qadar 2020-2023 yillarni o‘z ichiga oluvchi tayyorgarlik jarayonlari olib boriladi. Qaror bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida 2021 yilda sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish dasturiga ko‘ra, 2021 yilning 1-25 noyabr kunlari yurtimizning bir qator hududlarida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish ishlari amalga oshiriladi. Bunda aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish jarayonlari, ro‘yxatga olish usullari, dasturi, savolnomalari, uslubiy qo‘llanma hamda me'yoriy-huquqiy hujjatlari amaliy sinovdan o‘tkaziladi. Natijalar asosida aniqlanadigan xato va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.

Tayyorgarlik bosqichi aniq va sifatli yakuniga etkazilgach, 2023 yilning noyabr oyida aholini ro‘yxatga olish boshlanadi. Qaror bilan belgilangan shaxsga doir ma'lumotlarni yig‘ish tartibiga ko‘ra, ro‘yxatga olish ishlari ikki xil usulda – qog‘oz shakli hamda internet tarmog‘i orqali amalga oshiriladi.

Birinchi usulda ro‘yxatga oluvchi xodimlar uyma-uy yurib, so‘rov o‘tkazadi va savollardan iborat varaqani respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldiradi. So‘rovnomalar asosiy demografik ko‘rsatkichlar, aholining mexanik harakati, migratsiyasi, milliy xususiyatlari, fuqaroligi, ta'lim darajasi, uy xo‘jaligi a'zolarining iqtisodiy holati, bolalar soniga oid savollardan iborat bo‘ladi. Yashab turgan xonadonida ro‘yxatdan o‘tishni istamagan respondentlar uchun ro‘yxatga olish so‘rovnomalarini to‘ldirish ularning o‘zlari yashab turgan mahallalarda tashkil etiladigan instruktorlik uchastkalarida amalga oshiriladi. Respondentlar tomonidan taqdim etilgan shaxsga doir ma'lumotlarning maxfiyligi va ularning mazmuni oshkor etilmasligi ro‘yxatga oluvchi tomonidan kafolatlanadi.

Ikkinchi usulda respondentlarga qulaylik yaratish maqsadida internet jahon axborot tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi. Bunda so‘rovnomalar aholining o‘zi tomonidan maxsus dastur orqali to‘ldirilib, belgilangan elektron manzilga jo‘natiladi.

Ayni paytda tumanimizda ham hududning aholisi va uning turmush darajasi haqidagi aniq, ishonchli ma'lumotlar yaratadigan mazkur tadbirga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Bu ishlar Vatanimizda aholi soni, tarkibi va taqsimlanishi bo‘yicha to‘liq bazani shakllantirish barobarida Milliy rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish, ularda foydalaniladigan demografik o‘zgarishlar tendensiyalari, mehnat resurslari joylashuvi hamda ilmiy tadqiqotlar olib borishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

 


Kiritilgan vaqti: 27/08/2021 08:23;   Ko‘rilganligi: 40
 
Material manzili: http://ishtixonmtb.uz/oz/news/aholini-royxatga-olish-nima-uchun-kerak
Chop etilgan vaqti: 22/09/2021 21:09