Samarqand viloyati Ishtixon tumani
Maktabgacha ta'lim bo‘limi
w w w . p a s t d a r g o m m t b . u z

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 apreldagi “Maktabgacha hamda umumtalim muassasalari faoliyatini tekshirish ishlarini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 352-son qarorinipg ijrosini ta'minlash xaqida

Maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini tekshirishning maqsadi maktabgacha ta'lim bo‘yicha yagona davlat siyosatini amalga oshirishda maktabgacha ta'lim muassasalarining roli va mas'uliyatini kuchaytirish, maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilari rivojlanishiga qo‘yiladigan davlat talablariga muvofiq sifatli ta'lim-tarbiya berilishini ta'minlash uchun shart-sharoitlar yaratish, maktabgacha ta'lim muassasalaridagi ijro intizomini mustahkamlash, pedagoglar va boshqa xodimlarning kasbiy faoliyatiga asossiz ravishda aralashuvga chek qo‘yish, nazorat qiluvchi va boshqa davlat organlari tomonidan ta'lim-tarbiya sifatiga ta'sir ko‘rsatuvchi omillarni aniqlash va bartaraf etishdan iborat.

Quyidagilar maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini tekshirishning vazifalari hisoblanadi:

maktabgacha ta'lim muassasalaridagi ta'lim-tarbiya jarayonining sifatini, pedagoglarning bilim darajasini va pedagogik mahoratini oshirishga ko‘maklashish;

qonun hujjatlari buzilishi holatlarini chuqur tahlil qilish va ularni sodir etish shart-sharoitlarini bartaraf qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi o‘z vaqtida va sifatli ta'minlanishini tashkil etish;

maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatida kam samarali taftishlarni qisqartirish bilan bir vaqtda to‘laqonli tekshirishlar samaradorligini oshirish;

maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatidagi ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni ta'minlash, ta'lim-tarbiya jarayoni ustidan samarali davlat nazoratini o‘rnatish;

maktabgacha ta'lim muassasalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta'minlash;

davlat organlari va tashkilotlarining maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyati bilan bog‘liq vazifalari, funksiyalari va vakolatlarini aniq belgilash va tartibga solish.

Maktabgacha ta'lim muassasalarining faoliyatini tekshirish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:

rejali tekshirish;

rejadan tashqari tekshirish;

nazorat tartibida tekshirish.

Tekshirishga vakolatli organlar maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini tekshirish jarayonida quyidagi huquqlarga ega:

maktabgacha ta'lim muassasalaridan tekshirishni samarali o‘tkazish bilan bog‘liq zarur hujjatlar va boshqa axborotlarni talab qilish;

tekshirish jarayoni bilan bog‘liq zarur hujjatlardan nusxa olish;

vakolatlari doirasida maktabgacha ta'lim muassasalarida aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish;

tizimida maktabgacha ta'lim muassasasi bo‘lgan vazirliklar va idoralar yoki ularning tegishli hududiy bo‘linmalariga hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tekshirish jarayonida aniqlangan huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi masalani kiritish;

tekshirish jarayoniga tegishli mutaxassislar, ekspertlar va auditorlik tashkilotlarini shartnoma asosida jalb etish;

ushbu Nizomning 31-bandda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda, tekshirishlarning muddatini ko‘chirish to‘g‘risida taklif kiritish.

Tekshirishga vakolatli organlar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Tekshirishga vakolatli organlar maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini tekshirish jarayonida quyidagilarga majbur:

maktabgacha ta'lim muassasalariga tekshirish o‘tkazish huquqini beruvchi zarur hujjatlarni taqdim etish;

maktabgacha ta'lim muassasalaridagi ta'lim-tarbiya jarayonlariga xalaqit bermaslik;

Tekshirishlarni ro‘yxatga olish daftarini belgilangan tartibda to‘ldirish;

tekshirishlar natijalari to‘g‘risida dalolatnoma (ma'lumotnoma) rasmiylashtirish, uning bir nusxasini tekshirish tugagan kuni maktabgacha ta'lim muassasasida qoldirish;

tekshirish jarayonida aniqlangan qoidabuzarlik holatlari haqida tegishliligi bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga hamda yuqori turuvchi organlarga xabar berish.

Tekshirishga vakolatli organlarga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.

Maktabgacha ta'lim muassasalari tekshirish jarayonida quyidagi huquqlarga ega:

faoliyati rejali tekshirilishi to‘g‘risidagi ma'lumotga ega bo‘lish;

tekshirishga vakolatli organlarning mas'ul shaxslaridan ularning xizmat guvohnomasi va tekshirishni o‘tkazishga asos bo‘ladigan hujjatlarni talab qilish;

tekshirishni o‘tkazishga asos bo‘ladigan hujjatlarga ega bo‘lmagan shaxslarning tekshirish o‘tkazishiga yo‘l qo‘ymaslik;

tekshirishga vakolatli organlar mas'ul shaxslarining vakolatiga kirmaydigan masalalarga oid talablarini bajarmaslik va tekshirish predmetiga taalluqli bo‘lmagan materiallarni taqdim etmaslik;

tekshirish tugagan kuni tekshirishga vakolatli organlarning mas'ul shaxslaridan tekshirish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomaning (ma'lumotnomaning) nusxasini berishni talab qilish;

tekshirishga asos bo‘ladigan hujjatlarni taqdim etmaganlik, tekshirish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnoma (ma'lumotnoma) mazmuni va tekshiruvchilar tomonidan tekshirishga aloqador bo‘lmagan har qanday qo‘shimcha ko‘rsatmalar berish yuzasidan yuqori turuvchi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudga shikoyat qilish.

Maktabgacha ta'lim muassasalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Maktabgacha ta'lim muassasalari tekshirish jarayonida quyidagilarga majbur:

tekshirish o‘tkazish huquqini beruvchi zarur hujjatlarga ega bo‘lgan tekshirishga vakolatli organlarni maktabgacha ta'lim muassasasi hududiga kiritish;

tekshirishga vakolatli organlarning qonuniy talabiga binoan tekshirish o‘tkazish bilan bog‘liq zarur hujjatlar va boshqa axborotlarni o‘z vaqtida taqdim etish;

tekshirish jarayoniga xalaqit bermaslik, tekshirishga vakolatli organlar tomonidan tekshirishni samarali o‘tkazish uchun shart-sharoitlar yaratish;

tekshirish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomada (ma'lumotnomada) ko‘rsatilgan qoidabuzarlik holatlarini o‘z vaqtida bartaraf etish choralarini ko‘rish.

Maktabgacha ta'lim muassasalariga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.


Kiritilgan vaqti: 30/05/2019 13:48;   Ko‘rilganligi: 611
 
Material manzili: http://ishtixonmtb.uz/oz/news/ozbekiston-respublikasi-vazirlar-mahkamasining-2019-yil-25-apreldagi-maktabgacha-hamda-umumtalim-muassasalari-faoliyatini-tekshirish-ishlarini-tartibga-solish-chora-tadbirlari-togrisidagi-352-son-qarorinipg-ijrosini-taminlash-xaqida
Chop etilgan vaqti: 01/08/2021 17:59